O‘zbekistonning turkiy tilli davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha taklif va tashabbuslari hayotga izchil tadbiq etilmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev Istanbul shahrida o‘tkaziladigan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining (TTDHK, Turkiy kengash) navbatdagi sammitida ishtirok etish uchun 11-12 noyabr kunlari Turkiyada tashrif bilan bo‘ladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmatining maʼlumotiga ko‘ra, oliy darajadagi uchrashuv kun tartibidan Kengash doirasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni, eng avvalo, savdo, investitsiyalar, “yashil” iqtisodiyot, raqamli texnologiyalar, transport va kommunikatsiyalar, madaniy-gumanitar almashinuv sohalaridagi aloqalarni kengaytirish masalalari o‘rin olgan. Tashkilot faoliyatini yana-da takomillashtirish masalalari ham ko‘rib chiqiladi.
Sammit yakunida hamkorlik samaradorligini oshirish va ustuvor yo‘nalishlarda ko‘p tomonlama sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan qo‘shma hujjatlar qabul qilinishi kutilmoqda.
O‘zbekiston 2019 yil 14 sentyabr kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashini tuzish to‘g‘risidagi Naxichevan bitimini ratifikatsiya qildi va o‘sha yil oktyabr oyida tuzilmaga rasman qo‘shildi.
Mamlakatimiz tashkilot va uning tuzilmalari (Turkiy tilli davlatlar Parlament assambleyasi - TurkPA, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti - TURKSOY, Xalqaro turkiy akademiya, Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi) faoliyatida faol ishtirok etib kelmoqda.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev TTDHKning 2019 yil 15 oktyabr kuni Boku (Ozarbayjon) shahrida tashkil etilgan 7-sammitida, shuningdek, onlayn shaklda davlat rahbarlari kengashining 2020 yil 19 aprel kuni bo‘lib o‘tgan «COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashda hamjihatlik va hamkorlik» mavzusidagi navbatdan tashqari yig‘ilishida hamda 2021 yil 31 mart kuni uyushtirilgan norasmiy sammitida ishtirok etdi.
Mamlakatimiz tashkilotga aʼzo bo‘lganidan buyon o‘tgan qisqa davrda O‘zbekiston taklif qilgan qator konstruktiv takliflar hayotga izchil tadbiq etilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu tadbirlarda ishtirok etish doirasida Iqtisodiy hamkorlik strategiyasini ishlab chiqish, Turkiy kengash Taraqqiyot bankini tashkil etish, Investitsiya jamg‘armasini shakllantirish jarayonini jadallashtirish, tashkilotga aʼzo davlatlarning muqaddas qadamjolari bo‘yicha «Tabarruk ziyoratgoh» loyihasini amalga oshirish, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotni taʼsis etish tashabbuslarini ilgari surdi.
23-24 iyun kunlari Qo‘qon shahrida tashkilotga aʼzo davlatlar turizm vazirlarining 6-yig‘ilishi o‘tkazilgani, uning yakunida Qo‘qon shahri 2022 yilda «Turkiy dunyoning turizm poytaxti» deb eʼlon qilingani ham avvalroq taklif qilingan tashabbuslarning amaliy natijasi bo‘ldi.
Shuningdek, 15-16 sentyabr kunlari Xivada Xalqaro turkiy madaniyat tashkilotiga aʼzo davlatlar madaniyat vazirlarining 38-majlisi va «Xiva 2020-2021 yillarda Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti» dasturini amalga oshirish doirasidagi madaniy tadbirlar o‘tkazildi.
Yana bir muhim tashabbusni amalga oshirish doirasida 19-21 sentyabr kunlari Toshkentda Turkiy kengashga aʼzo davlatlar yosh tadbirkorlarining birinchi forumi hamda yoshlar ishlari bo‘yicha va sport vazirlarining 5-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Transport va logistika masalalarini tezkor hal qilish uchun Turkiy kengashga aʼzo davlatlarning transport vazirlari ishchi guruhi tashkil etildi va ushbu guruhning birinchi onlayn-muloqoti 2020 yil 30 aprel kuni uyushtirildi.
O‘zbekiston tashabbusi bilan Turkiy kengash kotibiyatida pandemiyaga qarshi kurash bo‘yicha maxsus muvofiqlashtiruvchi guruh tuzildi, uning birinchi yig‘ilishi 2020 yil 8 iyun kuni o‘tkazildi.
Bundan tashqari, TTDHK ishtirokchi-davlatlari tibbiyot muassasalari vakillaridan iborat epidemiologik vaziyatni birgalikda kuzatish, tahlil qilish va prognozlash bo‘yicha doimiy Muvofiqlashtiruvchi qo‘mitani tashkil etish tashabbusi tashkilotda keng qo‘llab-quvvatlandi.
2020 yil 28 aprel kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga aʼzo mamlakatlar sog‘liqni saqlash vazirlarining onlayn-muloqoti bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda ushbu sohadagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.
O‘zbekiston taklifi bilan Turkiy kengash va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti o‘rtasida sheriklik aloqalari o‘rnatildi va rivojlantirilmoqda. 2020 yil 11 sentyabr kuni ikki tashkilot o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolandi.
Mamlakatimiz Turkiy kengash doirasida savdo-iqtisodiy, transport va kommunikatsiya, turizm, madaniy-gumanitar va ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarida, shuningdek, sog‘liqni saqlash sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yana-da rivojlantirishdan manfaatdor.
O‘zbekistonning TTDHK faoliyatidagi ishtiroki savdo va investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlarni yaxshilash, tovarlar, kapital, xizmatlar va texnologiyalarning erkin harakatlanishini rag‘batlantirish bo‘yicha bojxona va tranzit tartiblarini, moliya-bank operatsiyalarini yana-da soddalashtirish istiqbollarini ochib bermoqda. Tashkilot platformasi transport sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, pandemiya sharoitida o‘zaro yuk yetkazib berishga ko‘maklashish uchun muhim ko‘p tomonlama vosita bo‘lib xizmat qilmoqda.