O‘zbekiston Prezidenti uy-joylarga xizmat ko‘rsatish tizimini yaxshilash bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev kecha ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimini takomillashtirishga oid taqdimot bilan tanishdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari Matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatimizda 37 ming 402 ta ko‘p qavatli uy, ularda 1 million 300 mingdan ortiq xonadon bor. Bu uylarning 68 foiziga shirkatlar, 24 foiziga boshqaruv kompaniyalari xizmat ko‘rsatadi, 8 foiz uylar esa mulkdorlar tomonidan umuman boshqarilmaydi.
Uy-joy mulkdorlari shirkatlari 4 ming 430 ta bo‘lib, shundan atigi 1 ming 350 tasi yoki 30 foizi yaxshi ishlaydi, xolos. Qolgani o‘rta va og‘ir sharoitda. O‘rganishlarda aniqlanishicha, to‘lovlar bo‘yicha tariflarning norentabelligi, hisob-kitoblarning shaffof emasligi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarining eskirgani muammolarga sabab bo‘lmoqda. Ko‘p shirkatlar o‘z vazifasini bajarmaydi, buning uchun ularda kadrlar yetishmaydi. Oqibatda xonadon egalarining shirkat va boshqaruv kompaniyalariga ishonchi yo‘qolgan. Badallarning to‘liq yig‘ilmasligi tufayli debitorlik qarzdorligi oshib ketgan.
Davlatimiz rahbari ko‘p qavatli uylarda yashovchi odamlarni qiynab kelayotgan bu masalaga eʼtibor qaratib, xizmat ko‘rsatish tizimini yaxshilash bo‘yicha mutasaddilar oldiga vazifa qo‘ygan edi.
Shunga muvofiq, chet ellik mutaxassislarni jalb etgan holda joylarga chiqilib, aholi va shirkatlar vakillari bilan fikrlashilib, muammolar chuqur o‘rganildi. Xorij tajribasi asosida ko‘p kvartirali uylarga xizmat ko‘rsatishni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.
Xususan, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining hududiy boshqarmalari huzurida Ko‘p kvartirali turar joy fondini taʼmirlash jamg‘armasini tashkil etish, uni 35 foiz respublika byudjeti, 35 foiz mahalliy byudjet va qolgan 30 foizini mulkdorlar to‘lovidan jamg‘ariladigan mablag‘lar hisobidan shakllantirish rejalashtirilgan.
Hisob-kitoblarning shaffofligini taʼminlash maqsadida boshqaruv tashkilotlari va shirkatlarning elektron reyestrini yuritish, har bir ko‘p qavatli uyga alohida shaxsiy hisobraqam ochish, uyning xizmat ko‘rsatish hududini aniq belgilash, mulkdorlarga hisobot berish tartibini takomillashtirish, hisob-kitoblarga billing tizimini joriy qilish mo‘ljallangan.
Shuningdek, yangi ko‘p qavatli uylar foydalanishga topshirilganidan keyin ikki yil mobaynida quruvchi tashkilot boshqaruvida bo‘lishini belgilash, turar joylarni saqlash va undan texnik foydalanish qoidalarini ishlab chiqish ham talab etilmoqda. Boshqaruv kompaniyalari va shirkatlar xodimlarini o‘qitish tizimini tubdan takomillashtirish ham nazarda tutilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev sohani tubdan takomillashtirib, xizmat ko‘rsatish bo‘yicha zamonaviy tizim yaratish yuzasidan topshiriqlar berdi. Ko‘p qavatli uylarni qurishdan oldin xizmat ko‘rsatishni o‘ylash, turar joylar fondi va hududini oqilona saqlash kerakligini taʼkidladi.
Taʼmirlanadigan uy-joylar qamrovini kengaytirish, boshqaruv kompaniyalari va shirkatlar uchun malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha ham ko‘rsatmalar berildi. Moliya vazirligiga belgilangan chora-tadbirlar uchun mablag‘ ajratish vazifasi qo‘yildi.