Oʻzbekiston Prezidenti Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki delegatsiyasini qabul qildi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020-yil 5-mart kuni Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Suma Chakrabarti boshchiligidagi ushbu nufuzli moliyaviy institut delegatsiyasini qabul qildi.
Oʻzbekiston va YTTB 2017-yilda sheriklikni qayta yoʻlga qoʻyganini alohida taʼkidlash joiz. Oʻtgan davrda bankning mamlakat strategiyasi va qoʻshma “yoʻl xaritasi” qabul qilindi va amalga oshirilmoqda.
Yangi investitsiyalar hajmi 1,1 milliard dollarga yetib, energetika, issiqlik va suv taʼminoti, kommunikatsiyalar, yoʻl va uy-joy qurilishi kabi ustuvor tarmoqlarga yoʻnaltirilgan. Ayni paytda, YTTB kiritgan sarmoyaning uchdan bir qismi xususiy sektor tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilmoqda.
Toshkentdagi vakolatxonadan tashqari bank Andijonda oʻz ofisini ochdi, joriy yilning oxirigacha Urganchda ham ochishni rejalashtirmoqda.
Davlatimiz rahbari ikki tomonlama hamkorlikda bunday yuksak darajaga erishilganida Suma Chakrabartining shaxsiy hissasi va faol saʼy-harakatlarini alohida qayd etdi.
Uchrashuvda uzoq muddatli istiqbolga moʻljallangan amaliy hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari batafsil koʻrib chiqildi.
YTTB prezidenti ushbu yetakchi xalqaro moliyaviy tashkilot Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar dasturiga har tomonlama koʻmaklashishni davom ettirish hamda sheriklik koʻlamini tubdan kengaytirishga tayyor ekanini bildirdi.
Infratuzilmani modernizatsiya qilish, bank sohasi, toʻqimachilik va sanoatning boshqa tarmoqlarini rivojlantirish, kichik biznes tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ustuvor loyihalarni ishlab chiqish va ilgari surishga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, mamlakatimiz iqtisodiyotiga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar, ilgʻor tajriba, bilim va texnologiyalarni jalb qilishga qaratilgan qoʻshma tadbirlarning rejasi va kun tartibi yuzasidan fikr almashildi.
OʻzA