O‘zbekistonda mehnat migratsiyasini tartibga solishning yangi mexanizmlari qanday ishlaydi
Butun dunyoda ishchi kuchi ko‘chib yurishi tabiiy jarayon. О‘zbekistonda bunday fuqarolarni chet elga tartibli va xavfsiz jo‘natish bo‘yicha muayyan ishlar qilinmoqda. Oxirgi ikki yilda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan 70 ming kishi rivojlangan davlatlarga shu maqsadda yuborilgan.
Barchamizga ma’lumki xorijda ishlash istagida bo‘lganlar muayyan xarajatlarga ham duch keladi. Shu bois migrantlarning ishchi viza, yo‘l chiptasi, xorijiy til va kasb bo‘yicha malakani baholatish xarajatlari qisman qoplanmoqda. Chet tili bo‘yicha xalqaro yoki unga tenglashtirilgan sertifikat olgan fuqaroga til o‘rganish uchun sarflagan xarajatining 50 foizi qoplab berilishi yo‘lga qo‘yildi.
Sohaga oid amalga oshirilayotgan barcha ijobiy ishlar qatorida Xalqaro migratsiya tashkiloti bilan migrantlarning huquqini himoya qilish bo‘yicha, hamda rivojlangan davlatlar bilan salmoqli xamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bо‘lib,
2030 yilgacha bо‘lgan davr uchun, mehnat migrantlarini ijtimoiy himoya qilishda kafolatlangan tenglik mezonlariga erishishni nazarda tutadigan О‘zbekiston Respublikasi migratsiya sohasidagi davlat siyosati konsepsiyasini ishlab chiqish bо‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ta’kidlash kerakki, hozirgi kunda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Germaniyaning 25 ta kompaniyasi o‘rtasida O‘zbekiston fuqarolarini turli sohalarda vaqtincha ish bilan ta’minlash bo‘yicha shartnomalar tuzilgan. Yana beshta kompaniya bilan muzokaralar olib borilmoqda. So‘nggi uch yilda 821 nafar O‘zbekiston fuqarosi Germaniyaga vaqtinchalik ishlashga jo‘natilgan, 1 ming 670 nafar fuqaro mehnat faoliyatini ushbu mamlakatda davom ettirish uchun tayyorgarlikdan o‘tmoqda.
Shu tariqa, O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlik faol rivojlanib, vatandoshlarimizning bu mamlakatda ishlashlari uchun kasbiy tayyorgarlik va til o‘rganishlari ta’minlanib, ishga joylashishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi 2024-yilning о‘zida Buyuk Britaniya, Vengriya va Slovakiya kabi bir qancha davlatlar bilan mehnat migratsiyasi masalasida muzokaralar olib borayotgani bu boradagi chora – tadbirlarning yanada muhim ahamiyat kasb etayotganligidan darak beradi.
Yuqoridagilardan tashqari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan mehnat migratsiyasidan qaytganlarni ishga olgan korxonaga har bir xodim uchun bir yil davomida Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasidan oyiga 500 ming so‘m subsidiya beriladi. Ushbu tadbirlarga bir yil uchun taxminan 100 milliard so‘m ajratilishi belgilanmoqda.
Kun kelib mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolarning bandligiga ko‘maklashish ham muhim masala sifatida ko‘rib chiqilmoqda va Sayxunobod tajribasi asosida mehnat migratsiyasidan qaytganlarga tomorqada mahsulot yetishtirib, daromad olishi uchun moliyaviy ko‘mak berilishi yo‘lga qo‘yildi hamda shu kabi boshqa turdagi bandlik xizmatlari ko‘rsatilmoqda. Qolaversa tibbiy muassasalar migratsiyadan qaytgan shaxslar va ularning oila a’zolarini bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishi mumkin. Shuningdek O‘zbekiston Respublikasida 2023-yil 15-oktabrdan boshlab “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tashkil etilgan bo‘lib, ushbu markaz tomonidan ota-onasi xorijda mehnat qilayotgan bolalarga ijtimoiy yordam ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yildi.
Shuni ta’kidlash joizki bugungi kunda mehnat migratsiyasini tartibga solishda va qо‘llab quvvatlashda nafaqat davlat tashkilotlari balki nodavlat tashkilotlarning ham ijobiy salmog‘i yuqori darajalarga kо‘tarilmoqda. Bu borada Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bilan hamkorlikda faoliyat kо‘rsatayotgan о‘quv kurslari va xizmat kо‘rsatish tashkilotlar haqida tо‘xtalib о‘tishimiz о‘rinli.
Bir sо‘z bilan aytganda O‘zbekistonda xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimi joriy qilingan bо‘lib xorijga ketmoqchi bо‘lgan fuqarolar uchun yangi mexanizm yaratildi. U quyidagi uch asosiy bosqichni o‘z ichiga olgan:
Birinchi bosqich: xorijga ishlashga bormoqchi bo’lgan fuqarolarni tayyorlash ishlari tashkil qilinmoqda. Xorijga ishlashga bormoqchi bo’lgan fuqarolarni kasbiy va til boyicha tayyorlash ishlari mamlakatdagi 14 ta “Ishga marhamat” ish bilan band bo’lmagan aholiga xizmat ko’rsatish monomarkazida, 30 ta kasbiy tayyorgarlik markazida, 136 ta mahallada, 24 ta kollej va 13 ta texnikumda amalga oshirilmoqda.
Ikkinchi bosqich: mehnat migrantlariga xorijda huquqiy va ijtimoiy yordam ko’rsatilmoqda. Shu maqsadda xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarga xizmat ko’rsatish maqsadida bir necha davlatlarda Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha agentliklar tashkil qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh konsulliklari huzurida Mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha attashe lavozimi joriy etildi.
Uchinchi bosqich: O‘zbekistonga qaytgan mehnat migrantlarining qayta moslashuviga yordam ko’rsatilmoqda. Bandlikni qo‘llab-quvvatlash markazlarida mamlakatga qaytgan mehnat migrantlarining qayta moslashuvi bilan shug‘ullanadigan inspektorlar faoliyat ko‘rsatmoqda.
Hulosa о‘rnida shuni ta’kidlash lozimki Xorijda mehnat faoliyati bilan shug‘illanayotgan О‘zbekiston fuqarolariga munosib mehnat sharoitlari va ijtimoiy himoyani ta’minlash uchun barcha zarur ishlar qilmoqda va bundan keyin ham davom ettiriladi. Migratsiya sohasining barcha dolzarb masalalari bо‘yicha xorijiy hamkorlarimiz bilan hamkorlik davom ettirilmoqda. Mehnat migrantlarining kasbiy yо‘nalganligi va til bilishlari bо‘yicha tashkil etilgan tizimli ishlar yanada rivojlanmoqda.
Bobomurod Yarashev,
O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti