Shuhrat Ergashev: O‘zbekiston-Qirg‘iziston davlat chegarasini qonuniy jihatdan rasmiylashtirishning tugallanishi har ikki davlat uchun xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar yaratadi
O‘zbekiston va Qirg‘izistonning davlat chegarasini delimitatsiya qilish bo‘yicha bahsli masalalarni hal etish borasida birgalikda amalga oshirayotgan saʼy-harakatlari har ikki davlatning strategik munosabatlarni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini ko‘rsatmoqda, deb taʼkidlagan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Xalqaro munosabatlar axborot-tahlil markazi bo‘lim boshlig‘i Shuhrat Ergashev “Dunyo” AAga taqdim etgan sharhida.
- 2017 yil oktyabr oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga davlat tashrifi chog‘ida qabul qilingan Strategik sheriklik, do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ishonchni mustahkamlash to‘g‘risidagi deklaratsiya davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qildi, - deydi ekspert. - Ushbu tashrif davomida imzolangan Davlat chegarasi to‘g‘risidagi shartnoma o‘zaro munosabatlar yangi tarixida birinchi marta umumiy uzunligi 1 ming 472 km bo‘lgandavlat chegarasi chizig‘ining qariyb 85 foizi bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishish imkonini berdi.
Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovning 2021 yil mart oyida O‘zbekistonga buyurgan davlat tashrifi chog‘ida ikki tomonlama munosabatlar yuqori va sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Davlat rahbarlari tashrif yakunida qabul qilingan Qo‘shma bayonotda “O‘zbekiston Respublikasi bilan Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasidagi davlat chegarasi chizig‘i o‘tishini huquqiy jihatdan rasmiylashtirishning tugallangani va uning do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik chegarasiga aylantirilishi ikki qardosh xalqning muhim hayotiy manfaatlariga javob beradi”, deya taʼkidladilar. Ikki mamlakat hukumat delegatsiyalariga davlat chegarasining qolgan uchastkalarini delimitatsiya qilishni yakunlash bo‘yicha muzokaralar jarayonini faollashtirish topshirildi.
2022 yil 3 noyabr kuni Bishkek shahrida O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlar chog‘ida ikki davlat tashqi ishlar vazirlari boshchiligidagi delegatsiyalar O‘zbekiston-Qirg‘iziston o‘rtasidagi ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildi. Bunda mamlakatlar o‘rtasidagi davlat chegarasini delimitatsiya qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Tomonlar Davlat chegarasi o‘tish chizig‘ining teng huquqlilik, o‘zaro manfaatdorlik va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillari asosida huquqiy rasmiylashtirishning yakunlanishi har ikki mamlakatdan tashqari butun Markaziy Osiyo manfaatlariga ham mos kelishini taʼkidladilar.
Tadbir davomida O‘zbekiston-Qirg‘iziston Davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi bitim va Andijon (Kampirobod) suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi bitim imzolandi.
Ularni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan 2022 yilning 14 noyabrida qabul qilinib, Senat tomonidan 18 noyabr kuni maʼqullandi hamda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 30 noyabr kuni imzolandi.
2022 yil 17 noyabr kuni Qirg‘iziston parlamenti chegara va Andijon suv ombori bo‘yicha xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qildi. Shartnomalarni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunlar Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov tomonidan 2022 yil 29 noyabr kuni imzolandi.
Chegaralarning shartnoma-huquqiy delimitatsiyasining tugallanishi O‘zbekiston va Qirg‘iziston milliy manfaatlariga to‘liq mos keladi, shuningdek, har ikki tomon uchun teng siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlar keltiradi. Andijon suv omborini birgalikda boshqarish bo‘yicha kelishuvlarga erishish, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi davlat chegarasini batamom tartibga solish asnosida quyidagi maqsadlarga erishishga xizmat qiladi:
birinchidan, ikki davlatning chegaradosh hududlarida yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlashga, mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni saqlashda o‘zaro hamkorlik qilish uchun zarur siyosiy va diplomatik shart-sharoitlarni yaratishga. Qonuniy ravishda kelishilgan chegaralar terrorizm, narkotik moddalar savdosi va kontrabanda tahdidlariga qarshi samaraliroq kurashish imkonini beradi. Ikki davlatning chegara va boshqa kuch tuzilmalari ushbu tahdid va xavflarga qarshi kurashda davlatlararo shartnomalar va xalqaro huquq meʼyorlari asosida har tomonlama hamkorlik qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Taʼkidlash joizki, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi chegara to‘liq huquqiy tartibga solinishi chegaradagi mojarolarning asosiy sabablarini bartaraf etishga, ikki davlat fuqarolari, birinchi navbatda, chegaradosh hududlar aholisining barqarorligi va xavfsizligini taʼminlashga xizmat qiladi.
Ikkinchidan, iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va mamlakatlar o‘rtasidagi sheriklik samaradorligini oshirishga. O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘zaro tovar ayirboshlash umumiy hajmini 2 milliard AQSH dollariga yetkazishni rejalashtirmoqda. 2021 yilda ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 952,6 million dollarni tashkil etgan. Qirg‘iziston O‘zbekistonning oltinchi eng yirik tashqi savdo hamkori hisoblanadi. Mazkur kelishuvlarning kuchga kirishi ikki davlat chegarasida nazorat-o‘tkazish punktlarini ko‘paytirish, o‘zaro savdo va sarmoyaviy hamkorlikni oshirish, chegaradan o‘tishdagi ortiqcha cheklovlarni olib tashlash, gumanitar aloqalarni osonlashtirish uchun sharoit yaratadi.
Chegara bo‘yicha kelishuv mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik qo‘shma loyihalarni, jumladan, “O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy” temir yo‘li qurilishini to‘liq miqyosda amalga oshirishga o‘tish imkonini beradi. Ushbu loyihaning amalga oshirilishi ikki mamlakatning transport-logistika holatini tubdan yaxshilash, shuningdek, mamlakatlarimiz va umuman mintaqadagi xo‘jalik faoliyatini sezilarli darajada jonlantirish imkonini beradi.
Uchinchidan, iqtisodiyot tarmoqlari va aholini suv resurslari bilan taʼminlash sharoitlarini yaxshilashga. Andijon (Kampirobod) suv omborini birgalikda boshqarish ikki mamlakatda suvdan barqaror foydalanishni mustahkamlaydi, bu esa global iqlim o‘zgarishi sharoitida nihoyatda muhim ahamiyat kasb etadi.
Erishilgan kelishuv O‘zbekistonning Qirg‘izistondagi “Qambar-ota-1” GES qurilishida to‘liq ishtirok etishiga turtki beradi, bu esa suv-energetika muammolarini hal etishda ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikning muhim namunasiga aylanadi. Umuman olganda, Markaziy Osiyoda suv-energetika muammolarini oqilona murosaga kelish va manfaatlarni o‘zaro hisobga olish tamoyillari asosida qonuniy hal etish uchun foydali asos yaratiladi.
To‘rtinchidan, chegaradosh viloyatlar aholisining yashashi uchun yana-da qulay shart-sharoitlar yaratishga. Chegaraning bahsli uchastkalaridagi muammolarni hal qilish ikki davlat fuqarolari o‘rtasidagi aloqalarni kuchaytiradi, chegara savdosining o‘sishini rag‘batlantiradi, yangi infratuzilma loyihalarini barpo etishga, yangi ish o‘rinlari yaratilishiga ko‘maklashadi va shu orqali ham O‘zbekiston, ham Qirg‘izistondagi chegaradosh viloyatlar aholisi farovonligining oshishiga xizmat qiladi.
Ayni paytda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegara bo‘yicha kelishuvlarga erishilgani xalqaro ekspertlar orasida ijobiy munosabat va yuqori bahoga sabab bo‘ldi. Ularning fikricha, ikki do‘st davlat o‘rtasidagi chegaralarning qonuniy tartibga solinishi mintaqadagi chegara masalalarini tinch yo‘l bilan hal etishning namunasi bo‘lishi mumkin.
Shunday qilib, O‘zbekiston-Qirg‘iziston davlat chegarasini qonuniy jihatdan rasmiylashtirishning tugallanishi har ikki davlat uchun xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish yo‘lida katta imkoniyatlar ochadi, Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik muhitini mustahkamlashga hissa bo‘lib qo‘shiladi.
Erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi ikkala mamlakatning xalqaro munosabatlarning davlatlararo muammolarni o‘zaro hurmat va bir-birining manfaatlarini hisobga olish asosida birgalikda hal etishga qodir masʼul subyektlari sifatidagi tashqi siyosiy imijlarining sezilarli darajada yaxshilanishiga ham hissa qo‘shadi.