Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi kotibini qabul qildi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019-yil 31-oktabr kuni mamlakatimizda amaliy tashrif bilan boʻlib turgan Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushevni qabul qildi.
Prezidentimiz mehmonni samimiy qutlar ekan, ikki davlat rahbarlarining muntazam va samarali muloqoti tufayli soʻnggi yillarda Oʻzbekiston bilan Rossiya oʻrtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari jadal rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
Nikolay Patrushev, oʻz navbatida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul uchun sidqidildan minnatdorlik bildirib, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Uchrashuvda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikka oid, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb jihatlari, jumladan, Afgʻonistondagi vaziyatni tinch yoʻl bilan hal etish istiqbollari muhokama qilindi.
Xavfsizlikka tahdid solayotgan zamonaviy xatarlarga qarshi kurashish boʻyicha hamkorlik qilish, harbiy va harbiy-texnik sohalarda amaliy sheriklikni kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
O'zA