Farg‘onada SHHT MKKning navbatdagi yig‘ilishi yakunlandi
FARG‘ONA, 28-aprel. /«Dunyo» AA/. Bugun Farg‘ona shahrida O‘zbekiston raisligida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Milliy koordinatorlari kengashi (SHHT MKK)ning navbatdagi yig‘ilishi o‘z ishini yakunladi, deb xabar qilmoqda «Dunyo» AA muxbiri.
25-28 aprel kunlari o‘tkazilgan yig‘ilish dasturi ham mazmun jihatidan, ham madaniy-ma’rifiy rejalarga boyligi bilan e’tiborga molik bo‘ldi.
Hindiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston milliy koordinatorlari SHHT MKKning avvalgi uchrashuvlarida belgilangan qator masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashdi va O‘zbekistonning 2021-2022 yillarda Tashkilotga raisligi doirasida ilgari surgan tashabbuslarini muhokama qildi.
SHHT Davlat rahbarlari kengashi va SHHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining bo‘lajak yig‘ilishlari kun tartibiga kiritilgan hujjatlar loyihalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv davomida milliy koordinatorlar O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlikka qaratilgan shartnomani amalga oshirish bo‘yicha 2023-2027 yillarga mo‘ljallangan kompleks reja loyihasini batafsil ko‘rib chiqdi. SHHTga a’zo davlatlar vazirlik va idoralari rahbarlari darajasidagi tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha konsensusga erishildi. Bundan tashqari, yig‘ilishda SHHT shafe’ligida Afg‘oniston bo‘yicha oliy darajadagi xalqaro konferensiya o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv chog‘ida kuzatuvchi davlatlar va SHHTning muloqot bo‘yicha hamkorlari maqomini olish uchun davlatlarning arizalari yuzasidan ham fikr almashildi.
Tomonlar O‘zbekistonning Tashkilotga raisligi doirasida tashkil etilgan tadbirlar yuzasidan hisobotlarni eshitish barobarida, SHHT MKK doirasida ishlarni yanada jadallashtirish, videokonferensiya shaklida uchrashuvlarni o‘tkazishga kelishib oldi.
SHHTga a’zo davlatlarning milliy koordinatorlari Farg‘ona viloyatida bo‘lgan chog‘larida mintaqaning iqtisodiy salohiyatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bilan ham tanishdi. Marg‘ilon va Rishtondagi hunarmandchilik markazlari bilan tanishuv mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
SHHT delegatsiyalarining mamlakatimizda bo‘lishi madaniy dastur bilan yakunlandi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston SHHTga 2021 yil sentabr oyidan buyon raislik qilmoqda.
SHHT MKKning avvalgi yig‘ilishi joriy yilning 12-14 mart kunlari Buxoro shahrida bo‘lib o‘tgan edi.