O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari “Innoprom. Markaziy Osiyo” ko‘rgazmasi ochilishi arafasida jurnalistlar va blogerlar bilan jonli muloqot o‘tkazdi
O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov bugun “Innoprom. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat ko‘rgazmasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan onlayn-brifingda “Dunyo” AA muxbirining ushbu platformaning milliy va mintaqaviy iqtisodiyotni rivojlantirishdagi o‘rni va istiqbollari haqidagi savoliga javob berdi.
– Ko‘rgazmada ishtirok etishga bo‘lgan katta qiziqish O‘zbekiston salohiyatining xalqaro miqyosda e’tirof etilayotganidan yana bir dalolatdir. Sizningcha, ushbu ko‘rgazmaning kelajakda mamlakatimiz va mintaqamizning sanoat va innovatsion rivojlanishidagi o‘rni qanday bo‘ladi?
– Birinchidan, to‘g‘ri aytdingiz, Toshkentda o‘tkazilgan birinchi Xalqaro investitsiya forumida xorijiy davlatlar ishbilarmon doiralari vakillari, tadbirkorlari O‘zbekiston bilan, mahalliy korxonalarimiz bilan hamkorlikka katta qiziqish bildirdi.
O‘tgan yilgi forumda asosiy iqtisodiy hamkor-davlatlar, xalqaro tashkilotlar, moliya institutlari vakillari juda yuqori darajada ishtirok etdi. Ular pandemiya va boshqa yangi xavf-xatarlarga qaramasdan, O‘zbekistonga kelib, uchrashuvlar, muzokaralar, ko‘p tomonlama tadbirlar o‘tkazdi, sho‘’ba sessiyalarida faol ishtirok etdi. Shu ma’noda Siz to‘g‘ri aytdingiz, ertaga boshlanadigan tadbir O‘zbekistonning sarmoyaviy salohiyatiga, mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga qiziqish katta ekanidan dalolat bermoqda. Men bu fikrga qo‘shilaman. Biz ushbu ko‘rgazmaning kelajakdagi o‘rnini juda muhim deb bilamiz. Chunki uni muntazam tarzda o‘tkazish niyatidamiz.
Dastlab biz ushbu ko‘rgazmani Yekaterinburgda o‘tkaziladigan “Innoprom” bazasida O‘zbekistonda o‘tgan yili tashkil qildik. Tashkilotchilar bilan anjumanni har yili Toshkentda hamkorlikda o‘tkazishga kelishib olganmiz. O‘tgan yili tamal toshi qo‘yilgan “Toshkent ruhi”ni, to‘plangan tajriba va yaxshi an’analarni davom ettirish kerak, deb hisoblaymiz. Qolaversa, Toshkentga kelish barcha jihatdan, jumladan, geografik joylashuv, logistika nuqtai nazaridan, nafaqat Markaziy Osiyo mamlakatlari, balki boshqa davlatlar vakillari, hukumat delegatsiyalari, ishbilarmonlar uchun qulaydir.
Biz yiliga bir marta, ya’ni ko‘rgazma paytidagina ishlash kerak, deb hisoblamaymiz. “O‘zekspomarkaz” hududidagi faoliyatimizga muntazamlik bag‘ishlab, ma’lum tizim yaratish, muayyan turdagi doimiy formatlarni tashkil qilish niyatidamiz.
Ko‘rgazma muntazamlik mazmun-mohiyati kasb etadi, u Toshkentda o‘tkaziladi. Bizning ushbu ko‘rgazmadan umidimiz katta. U sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash, O‘zbekiston va butun mintaqa iqtisodiyotiga ilg‘or yuqori texnologiyalarni jalb etish, iqtisodiyotimizning harakatlantiruvchi kuchi bo‘lgan barcha tarmoqlarga innovatsion yechimlarni joriy etishga hissa qo‘shishiga ishonamiz.