O‘zbekiston “Markaziy Osiyo – Rossiya” 5-Vazirlar uchrashuvida ishtirok etdi
TOSHKENT, 23 aprel. /“Dunyo” AA/. Joriy yil 22 aprel kuni videokonferensiya tarzida “Markaziy Osiyo – Rossiya” 5-Vazirlar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston va Rossiya hukumatlari vakillari ishtirok etdi. O‘zbekiston Respublikasi nomidan videokonferensiyada Bosh vazirning o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov qatnashdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi maʼlumotiga ko‘ra, uchrashuv kun tartibiga mintaqa davlatlari va Rossiya o‘rtasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikka oid, jumladan, Markaziy Osiyoda barqarorlikni saqlash, terroristik va ekstremistik tahdidlarga qarshi kurashish, islohotlarni amalga oshirish va barqaror rivojlanishni rag‘batlantirish, jadal iqtisodiy o‘sish va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, eksport salohiyatini yuksaltirish, hududlararo turizmni rivojlantirish, kiber- va biologik xavfsizlik, shuningdek mintaqa davlatlari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish kabi masalalar kirdi.
Ishtirokchi mamlakatlar vakillari o‘z chiqishlarida yuqoridagi yo‘nalishlarning har biri bo‘yicha ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikning bugungi holatini, amaldagi munosabatlarning ustuvor yo‘nalishlarini, shuningdek, yaqin va o‘rta muddatli istiqbolda uni kengaytirish istiqbollarini bayon qildi.
Sardor Umurzoqovning nutqi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash va mintaqaning barqaror rivojlanishini mustahkamlash borasida hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollariga bag‘ishlandi.
Platformaga aʼzo mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikning eng muhim yo‘nalishlari belgilab olindi. Ular qatoriga savdo-iqtisodiy aloqalarni faol rag‘batlantirish hamda talabga ega mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berishni kengaytirish va diversifikatsiya qilish, “yashil yo‘laklar” va logistika imkoniyatlarini rivojlantirish orqali oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash ham kiradi.
Shuningdek, O‘zbekiston tomoni texnologik salohiyatni rivojlantirish, platformaga aʼzo mamlakatlarning qo‘shma investitsiya imkoniyatlarini birlashtirish va safarbar etish bo‘yicha birgalikdagi saʼy-harakatlarni kuchaytirishga chaqirdi.
Koviddan keyingi tiklanishni tezlashtirish, mintaqa mamlakatlari va Rossiya o‘rtasida sayyohlik, biznes va yuk almashinuvini faollashtirish zarur bo‘lgan bir sharoitda tovarlar va yo‘lovchilar oqimidagi to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan hamkorlikning muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, Sardor Umurzoqov ikki tomonlama hamda mintaqaviy va xalqaro tuzilmalar doirasida sanoat kooperatsiyasi va texnologik almashinuv, energetika, taʼlim, sog‘liqni saqlash, fan va axborot texnologiyalari, mintaqaviy xavfsizlik sohasidagi hamkorlikning aniq yo‘nalishlarini sanab o‘tdi.
Nutqda afg‘on muammosiga alohida o‘rin berildi. O‘zbekistonning Afg‘onistonga dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilish, aholi xavfsizligi va mamlakatda barqarorlikni taʼminlashda amaliy ko‘mak berishda davom etishga sodiqligi taʼkidlandi. O‘zbekiston afg‘on xalqiga samarali gumanitar yordam ko‘rsatishda, elektr energiyasi taʼminoti bo‘yicha amaldagi shartnomalarni bajarishda, afg‘on talabalari va mutaxassislariga mamlakat taʼlim muassasalarida o‘qitish xizmatlarini ko‘rsatishda, shuningdek, ilgari kelishilgan qo‘shma infratuzilmaviy loyihalarni ilgari surishda davom etadi.
Kun tartibidagi masalalar har tomonlama muhokama qilinib, ular borasida o‘zaro samarali fikr almashilgani ishtirokchilarga o‘zaro manfaatlar kesishuvi nuqtalarini belgilash va hamkorlikning turli jihatlari bo‘yicha mushtarak pozitsiyalarni ishlab chiqish imkonini berdi. Tadbir yakunlari bo‘yicha o‘zaro manfaatli sheriklikni kengaytirish va barcha uchun muhim bo‘lgan vazifalarni hal qilish maqsadida ko‘p tomonlama muloqotni davom ettirishga tayyorlik bildirildi.