Kasbida yana bir mahalla obod bo‘ldi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Kasbi tumanidagi "Qamashi" mahallasida bo‘ldi.
Bu yerda 6 ming nafardan ziyod aholi yashaydi. Ularga qulay ijtimoiy sharoitlar yaratish maqsadida hududda “Obod qishloq” dasturi amalga oshirildi.
Mahallaga olib keluvchi yo‘l bo‘yida 40 dan ortiq yengil konstruksiyali savdo va xizmat shoxobchalari qurildi. Bu orqali 200 nafarga yaqin aholi ishli bo‘ldi.
Xonadonlar elektr energiyasi, tabiiy gaz va ichimlik suvi bilan ta’minlandi. 8 kilometrdan ortiq ichki yo‘llarga asfalt, 18 kilometrdan ziyod qismiga qum-shag‘al yotqizildi.
Davlatimiz rahbari Obod mahalla markazidagi sharoitlarni ko‘rdi, bolalarning san’at va sport to‘garaklarini kuzatdi.
- Bunday ishlar tufayli mahallalarga nur, madaniyat kirayapti, odamlar o‘zgarishlarni sezayapti. Endi bu markaz xalqimizga xizmat qilishi, doim gavjum bo‘lishi kerak. Bu yerda xizmatlarni ko‘paytirish, yoshlarni sportga, turli to‘garaklarga jalb etish zarur, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mahallada joriy yilda 600 nafar xotin-qiz kasanachilik asosida tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqarishga jalb qilindi.
Kooperatsiya asosida 50 ta xonadonda inkubator orqali jo‘ja ko‘paytirish, 300 ta xonadonda go‘sht, 200 tasida tuxum yo‘nalishida parrandachilik tashkil etilmoqda.
Tuman faollari bilan suhbatda yoshlar ta’lim-tarbiyasi, bandlik masalasi haqida so‘z bordi. Davlatimiz rahbari Kasbi tumani azaldan o‘ziga xos kulolchilik va gilamchilik maktabi bilan mashhur bo‘lib kelganini ta’kidlab, “Hunarmand” uyushmasiga hududda ushbu yo‘nalishlarni rivojlantirishga ko‘rsatma berdi.