O‘zbekistonda oltinchi xalqaro jaz festivali o‘tkaziladi
TOSHKENT, 19-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonda joriy yil 30 aprel - 18 may kunlari oltinchi xalqaro jaz festivali o‘tkaziladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Festival 2011 yilda YUNESKO tomonidan rasman eʼlon qilingan xalqaro jaz kuni nishonlanishi munosabati bilan o‘tkaziladi.
YUNESKO vakolatxonasining maʼlumotiga ko‘ra, tadbir Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamg‘armasi, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi va Toshkent shahar hokimligi tomonidan Fransiya, Germaniya, Vengriya, Hindiston, Polsha, Slovakiya, Shveysariya va AQSH elchixonalari ishtirokida tashkil etilmoqda.
Qayd etish joizki, O‘zbekiston xalqaro jaz bayramida 2015 yildan buyon ishtirok etib kelmoqda. Bu galgi festival doirasida O‘zbekiston davlat konservatoriyasida o‘zbekistonlik va xorijlik jaz ijrochilarining 20 ga yaqin konserti bo‘lib o‘tadi va ular asosiy makonga aylangani holda jazning 85 yilligini nishonlaydi. Shuningdek, Xiva shahrining Ichon qalʼasida ochiq havoda, Urganch shahridagi Ogahiy nomidagi musiqali drama teatrida, Buxoro shahridagi musiqali drama teatri va Ilxom teatrida konsertlar namoyish etiladi.
Bundan tashqari, Uspenskiy nomidagi musiqa kolleji, Toshkent sirk kolleji, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi, Toshkentdagi “Bonum Faktum” galereyasi va “Maqom” barida, shuningdek, Buxorodagi musiqa kollejida mahorat darslari va musiqa mashg‘ulotlari tashkil etiladi.
Festival ishtirokchilari anʼanaviy ravishda turli mamlakatlarning ko‘plab jaz yulduzlaridan iborat bo‘lib, ular nafaqat o‘z mahoratlarini namoyish etish, balki aloqalarini kengaytirish va xalqaro jaz jamiyatiga aʼzo bo‘lish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurishadi. Ular orasida Tim Byorner (Germaniya), Vendetta Jinetti (AQSH), Igor Butman va rus jaz orkestri (Rossiya), Trio Gregori kabi mashhur sanʼatkorlar bor.