56-xalqaro Mendeleyev kimyo olimpiadasi O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadi
TOSHKENT, 20 aprel. /“Dunyo” AA/. 56-xalqaro Mendeleyev kimyo olimpiadasi joriy yil 9-16 may kunlari O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Prezident taʼlim muassasalari agentligi maʼlumotiga ko‘ra, Toshkentda bo‘lib o‘tadigan ushbu kimyo olimpiadasida yigirmaga yaqin davlatning o‘quvchilari qatnashadi.
Ishtirokchilar Avstriya, BAA, Xitoy, Rossiya, Turkiya, Xorvatiya, Vengriya, Isroil, Latviya, Makedoniya, Ozarbayjon, Armanistondan kelishadi.
Xalqaro Mendeleyev olimpiadasi 1948 yilda tashkil etilgan bo‘lib, dunyodagi nufuzli olimpiadalardan biri hisoblanadi. U har yili 30 ga yaqin davlat ishtirokida dunyoning turli mamlakatlarida o‘tkaziladi.
Maʼlumot uchun, 55-xalqaro Mendeleyev olimpiadasi pandemiya sabab onlayn shaklda o‘tkazilgan edi. Unda o‘zbekistonlik o‘quvchilar 1ta oltin, 4ta kumush va 2ta bronza medalni qo‘lga kiritgan edi.