“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 7-fevraldagi Farmoni bilan 2017-2021-yillarda mamlakatimizni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi tasdiqlangani o‘zbek davlat boshqaruvi tarixida yangi bosqichni boshlab berdi. Mazkur hujjatda aniq, hayotiy islohotlar va ularni amalga oshirish mexanizmlari belgilab berilgani mamlakatimizda islohotlar samaradorligini tubdan oshirish, davlat va jamiyatni har tomonlama uyg‘un, jadal rivojlantirish, barcha sohani modernizatsiya qilish va erkinlashtirishdek buyuk maqsadlarga xizmat qiladi.
Davlat rahbarining 2017-yil 14-fevraldagi Farmoyishi bilan Harakatlar strategiyasini amalga oshirishga doir tashkiliy chora-tadbirlari belgilandi. Mazkur farmoyish asosida, Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan tadbirlarning ekspertlik va jamoatchilik muhokamasini samarali tashkil etish borasidagi saʼy-harakatlarni birlashtirish, ularni mukammal amalga oshirish, fuqarolik jamiyati institutlarini, ekspertlar va olimlarni mamlakatimizni demokratlashtirish hamda modernizatsiya qilish jarayonlariga faol jalb etish maqsadida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tashkil etildi.
Markaz – nodavlat notijorat tashkiloti bo‘lib, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti, Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston advokatlar palatasi, Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari, Nodavlat notijorat tashkilotlar milliy assotsiatsiyalari muassisligida tashkil etildi.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi Harakatlar strategiyasidagi islohotlarning mazmun-mohiyati, ahamiyati va natijalarini izchil muhokama qilish, davlat organlari va xalq o‘rtasidagi ochiq muloqotni taʼminlash, jamoatchilik nazoratini samarali tashkil etishda o‘ziga xos zamonaviy media-maydon vazifasini o‘taydi.
Markaz Harakatlar strategiyasi doirasidagi tadbirlar bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajriba, xalqaro standartlar, xalqaro tashkilotlar va ekspertlarning baholari, fikr-mulohazalarini o‘rganmoqda. Bu borada amalga oshirilayotgan tadbirlarning ekspertlar va jamoatchilik o‘rtasida keng muhokama etilishini tashkil qilib, Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan qonun, qonunosti va boshqa hujjatlar loyihalarini tayyorlash yuzasidan aniq chora-tadbirlar bo‘yicha takliflar ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi.
Markaz xalqaro va xorijiy tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot, axborot-tahliliy hamda taʼlim muassasalari bilan hamkorligi ham yo‘lga qo‘yilgan. Uning yana bir asosiy vazifasi – Harakatlar strategiyasi va uning asosidagi davlat dasturlari doirasida amalga oshiriladigan tadbirlar bo‘yicha aholining fikr-mulohazalarini o‘rganish, ular yuzasidan takliflar ishlab chiqishdan iborat.