O‘zbekiston Prezidenti Qirg‘iziston Prezidentini tavallud kuni bilan tabrikladi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqot qildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga tayanib.
Davlatimiz rahbari Qirg‘iziston Prezidentini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘lik, farovonlik va katta muvaffaqiyatlar, birodar qirg‘iz xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.
Yetakchilar O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalariga asoslangan strategik sheriklik munosabatlari izchil mustahkamlanib borayotganini mamnuniyat bilan taʼkidladilar.
Turli darajalardagi konstruktiv muloqot va faol almashinuvlarni davom ettirish, tovar ayirboshlash hajmini oshirish, mashinasozlik, energetika va elektrotexnika tarmoqlari, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika va boshqa sohalarda muhim kooperatsiya loyihalarini birgalikda ilgari surish muhimligi qayd etildi. Biznes va hududlar darajasida amaliy hamkorlikni kengaytirish, madaniy-gumanitar dasturlarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Xalqaro va mintaqa kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi.
Telefon orqali muloqot har doimgidek iliq, samimiy va do‘stona ruhda o‘tdi.