O‘zbekiston Prezidenti raisligida o‘tgan yig‘ilishda aholi va qurilish tashkilotlariga yangi imkoniyatlar berish masalalari muhokama qilindi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish va aholini uy-joy bilan taʼminlash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga tayanib.
Xalqimizning yashash sharoitlarini yaxshilash maqsadida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. So‘nggi besh yilda 140 mingdan ziyod yangi kvartira va yakka tartibdagi uy-joylar barpo etildi.
Davlatimiz rahbarining 2019 yil 28 noyabrdagi “Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, turar joy olish tartibi osonlashtirilgan edi. Jumladan, aholiga o‘zlari istagan uyni sotib olish imkoniyati yaratildi. Natijada, sohaga sifat va raqobat kirib keldi, hududlarda zamonaviy arxitektura yechimlariga ega loyihalar paydo bo‘ldi. Bugungi kunda ipoteka dasturlari doirasida yiliga 35 ming xonadonli uy-joylar qurilmoqda.
Shunga qaramay, ipoteka bozoridagi taklif talabga nisbatan kam. Aholida eng ko‘p talab bo‘lgan o‘rta meʼyordagi uylar yetarli emas.
Bundan tashqari, joyi yoki narxi aholiga maʼqul bo‘lmagani uchun jami 255 milliard so‘mlik 950 ta xonadon sotilmasdan turibdi. Ayrim viloyatlarda yer uchastkalari o‘z vaqtida auksionga chiqarilmagani sababli uy-joylar qurilishi kechikkan. Oqibatda davlatdan maqsadli kreditlar uchun ajratilgan mablag‘ o‘zlashtirilmagan. Ko‘p viloyat hokimlari va ularning qurilish bo‘yicha o‘rinbosarlari pudratchi tanlashda 2-3 ta tashkilot bilan cheklanayotgani sifatga putur yetkazmoqda.
Samarqandda yaxshi tizim yo‘lga qo‘yilgan. Viloyat hokimligi loyihachi, quruvchi va bankning “boshini biriktirib”, hamyonbop uylar qurishni tashkil etgan. Shu bois subsidiyadan foydalanish ko‘rsatkichi ham, kreditlarni o‘zlashtirish ko‘rsatkichi ham yuqori.
Kelgusi yil mamlakatimizda ipoteka dasturlari doirasida 50 mingga yaqin xonadonli uy-joylar qurilishi rejalashtirilgan. Bunga qariyb 13 trillion so‘m maqsadli kredit va 1 trillion 300 milliard so‘m subsidiya ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Yig‘ilishda shu boradagi chora-tadbirlar muhokama qilindi. Aholi va quruvchilarga yangi qulaylik va imkoniyatlar belgilandi.
Masalan, bugungi kungacha ipoteka krediti va subsidiya olishda uy-joy maydoni va narxi bilan bog‘liq cheklovlar bor edi. Endi bunday cheklov bo‘lmaydi.
Sotib olinadigan xonadonning maydoni va narxidan qatʼiy nazar, ehtiyojmand aholiga dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun 32 million so‘m subsidiya to‘lanadi. Shuningdek, ehtiyojmand aholi uchun davlat tomonidan qoplab beriladigan subsidiya miqdori barcha hududlar uchun bir xil – 10 foiz etib belgilanadi. Subsidiyalar yakka tartibdagi uy-joy qurish va taʼmirlash uchun olingan kreditlar uchun ham tatbiq etiladi.
Yana bir yangilik – ipoteka krediti olishda qarindosh bo‘lmagan fuqarolarning kafilligiga ham ruxsat beriladi.
Kelgusi yildan ijtimoiy ahvoli og‘ir xotin-qizlar, chin yetimlar va nogironligi bo‘lganlarga ikkilamchi bozordan uy olishga ham imkoniyat yaratiladi.
Davlatimiz rahbari odamlarga oson bo‘lishi uchun yangi uylar to‘g‘risidagi maʼlumotlar, ularni rasmiylashtirish, subsidiya va kredit ajratish xizmatlarini bir joyda tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
“Maqsadli ipoteka omonati” mexanizmi joriy etilishi belgilandi. Bunda “xaridor – bank – quruvchi” o‘rtasida uch tomonlama shartnoma tuziladi. Xaridor bank orqali quruvchini moliyalashtiradi, bank esa uyning xaridorga vaqtida topshirilishiga kafil bo‘ladi.
Shuningdek, pudratchilarga qurilishi tugallanmagan, tom qismi yopilgan ko‘p kvartirali uy-joylarni kredit taʼminoti sifatida garovga qo‘yishga ruxsat beriladi. Tadbirkorlik jamg‘armasi tomonidan qurilish tashkilotlariga kafillik va kompensatsiya to‘lash muddati uzaytiriladi.
Reytingi yuqori bo‘lgan pudratchi tashkilotlarga yerni auksiondan sotib olish to‘lovining avval 30 foizini, qolgan summani esa 12 oy davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.
Mutasaddilarga ushbu qulayliklarni hayotga tatbiq etish, aholi va tadbirkorlarga keng tushuntirish bo‘yicha vazifalar qo‘yildi.
Bosh prokuraturaga qurilish narxlarini asossiz oshirish, raqobatni buzish, tasdiqlangan loyihalarni o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirish, tanish-bilishchilikka yo‘l qo‘ymaslik ustidan qatʼiy nazorat o‘rnatish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Yig‘ilishda qurilish materiallari narxini arzonlashtirish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Bunda klaster usuli samarali ekani qayd etildi.
Masalan, Toshkent va Navoiy viloyatlarida shunday klasterlar tashkil etilgan bo‘lib, qurilish konstruksiyalarining 80 foizini o‘zida ishlab chiqaradi va pudrat ishlarini ham o‘zi bajaradi. Natijada uyning 1 kvadrat metri tannarxi 3,5 million so‘m bo‘lmoqda. Bu boshqa quruvchi korxonalarnikiga nisbatan 20 foiz arzon.
Shu bois har bir hududda qurilish klasterlari tashkil etish maqsadga muvofiqligi taʼkidlandi.
– Infratuzilma xarajatlarini qisqartirish uchun bu klasterlarni mavjud xomashyo yoki yirik korxonalar atrofida tashkil etish kerak. Masalan, G‘ozg‘onda tashkil etilgan klaster samarasini ko‘rsatdi. Xuddi shunday, O‘zbekiston tumanida 11 ta sement, gipsokarton, gazoblok, temir-beton, metall buyumlar, quruq qorishmalar korxonalari ishga tushirilmoqda. Ularning yonida logistika, ilm va innovatsiya markazlari, zamonaviy laboratoriya tashkil etib, bozorni o‘rganishni birlashtirsa, eksport va ichki bozorlarda raqobatdosh klaster paydo bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Xorijiy ekspertlar xulosasiga ko‘ra, bunday imkoniyat Forish, Sariosiyo, Buloqboshi, Qorovulbozor, Paxtachi, Chust, Ohangaron kabi tumanlarda ham bor. Shu bois mutasaddilarga 24 ta tumanni qurilish materiallariga ixtisoslashtirib, loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Kelgusi yilda mazkur tumanlarda geologiya ishlarini o‘tkazishga 100 milliard so‘m, yangi tashkil etiladigan klasterlar infratuzilmasiga 200 milliard so‘m ajratilishi belgilandi.
Shuningdek, qurilish klasterlariga aylanma mablag‘ uchun 10 milliard so‘mdan revolver kreditlar, zamonaviy texnika va uskunalar sotib olish uchun 2 million dollarlik uzoq muddatli kreditlar hamda 2 yilga bojxona imtiyozlari beriladigan bo‘ldi.
Maʼlumki, qurilish sifati va muddati ko‘p jihatdan ishlatilayotgan materiallarga bog‘liq. Lekin bugungi kunda yurtimizda zamonaviy qurilish materiallarini qo‘llash 25 foizga ham yetmaydi. Aslida, zamonaviy materiallarni ishlatish hisobiga qurilish muddatini 30 foizga, tannarxni esa 20 foizga kamaytirish mumkin.
Qurilish vazirligiga innovatsion, energiya tejamkor materiallarni shaharsozlik meʼyor va qoidalariga kiritish, uy-joylar barpo etishda ulardan foydalanishni kengaytirish zarurligi taʼkidlandi.
Arxitektura va qurilish yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlarini transformatsiya qilish, malakali kadrlar tayyorlash masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi.