O‘zbekiston TIV rahbari YEXHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining 28-yig‘ilishida ishtirok etdi
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bugun Stokgolm shahrida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT) Tashqi ishlar vazirlari kengashining 28-yig‘ilishida ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
TIV maʼlumotiga ko‘ra, Shvetsiya raisligida o‘tgan uchrashuvda YEXHT makonida harbiy-siyosiy, iqtisodiy-ekologik va insoniy o‘lchovlardagi hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov o‘z nutqida yig‘ilish ishtirokchilari eʼtiboriga mamlakatimizda kechayotgan demokratik o‘zgarishlar, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, qonun ustuvorligini taʼminlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqidagi maʼlumotlarni havola etdi.
O‘zbekiston bilan YEXHT o‘rtasidagi hamkorlik so‘nggi yillarda ijobiy surʼatlarda rivojlanayotgani, jumladan, xavfsizlik va barqaror rivojlanish sohalarida texnik yordam ko‘rsatish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilayotgani qayd etildi. O‘zbekiston tomoni hamkorlikni davom ettirishga hamda barcha sohalar bo‘yicha dolzarb dasturlar sonini mutanosib ravishda oshirishga tayyor ekani taʼkidlandi.
Qayd etilganidek, YEXHT faoliyatida iqtisodiy va ekologik omillarning ahamiyatini kuchaytirish muhim bo‘lib, bu keng qamrovli xavfsizlik konsepsiyasini to‘liqroq amalga oshirishga imkon beradi. Shu munosabat bilan o‘zaro savdoni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, agrar sektorda yangi texnologiyalarni joriy etish, tabiatni muhofaza qilish va bioxilma-xillikni saqlash masalalaridagi aloqalarni faollashtirish bo‘yicha kelishilgan saʼy-harakatlarni amalga oshirish zarur.
YEXHTning hamkor-mamlakati sanalgan Afg‘onistondagi vaziyatga alohida eʼtibor qaratildi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri bu mamlakatda gumanitar falokatning oldini olish uchun afg‘on xalqiga zarur yordam ko‘rsatish yuzasidan shoshilinch choralarni ko‘rishga chorladi.