Ayrim xorij davlatlaridan O‘zbekiston hududiga kirib kelgan yo‘lovchilar majburiy karantinga olinadi
O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligi Respublika maxsus komissiyasi yig‘ilishida mamlakatimizda epidemiologik vaziyat barqarorligini saqlab qolish va yurtimiz hududiga koronavirus infeksiyasining yangi “omikron” shtammi kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida qator yangi tartib va cheklovlar belgilanganini maʼlum qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xususan, so‘nggi kunlarda Avstriya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Daniya, Isroil, Italiya, Niderlandiya, Chexiya, Avstraliya, Misr hamda Janubiy Afrika mintaqasi mamlakatlarida (Janubiy Afrika Respublikasi, Botsvana, Lesoto, Namibiya, Zimbabve, Mozambik, Madagaskar, Esvatini va Tanzaniya) koronavirusning yangi “omikron” shtammi keng tarqalib, epidemiologik vaziyat keskinlashib borayotgani munosabati bilan, qator davlatlarda, xususan, AQSH, Avstriya, Germaniya, Slovakiya, Rossiya va Qozog‘istonda qo‘shimcha karantin cheklovlari joriy etilmoqda.
O‘z navbatida, O‘zbekistonda ham koronavirus infeksiyasi, shu jumladan, uning yangi “omikron” shtammi tarqalishining oldini olish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga qarshi immunitetni oshirish maqsadida 17 noyabrdan boshlab to‘liq emlangan fuqarolarni buster doza bilan ixtiyoriy emlash tartibi joriy etildi.
Qolaversa, jahondagi murakkab epidemiologik vaziyat O‘zbekiston aholisini ham ogohlikka chaqirish, fuqarolarimiz o‘rtasida ehtiyotkorlik susayib ketishining oldini olish zarurati paydo bo‘lganini ko‘rsatmoqda.
Shundan kelib chiqib, Respublika maxsus komissiyasining yig‘ilishida Yangi yil arafasida mamlakatda epidemiologik vaziyatning barqarorligini saqlab qolish va O‘zbekiston hududiga koronavirus infeksiyasining yangi “omikron” shtammi kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha qator masalalar ko‘rib chiqildi.
Unga ko‘ra, epidemiologik vaziyat murakkab bo‘lgan qator davlatlar bilan xalqaro aviaqatnovlar parvozi cheklanadi.
Xususan, 2021 yil 3 dekabrdan 2022 yil 10 yanvarga qadar JAR, Botsvana, Namibiya, Zimbabve, Mozambik, Madagaskar, Lesoto, Esvatini, Tanzaniya va Gonkong bilan xalqaro aviaqatnovlar (kirish, chiqish va tranzit reyslar orqali respublika hududiga kirish) to‘xtatiladi.
Mazkur davlatlarning fuqarolari va ushbu davlatlarda doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, shuningdek, so‘nggi 14 kun davomida yuqoridagi davlatlarda bo‘lgan uchinchi davlat fuqarolari O‘zbekiston hududiga kiritilmaydi.
Respublika maxsus komissiyasining qaroriga ko‘ra, koronavirus infeksiyasining yangi “omikron” shtammi kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida ayrim xorij davlatlaridan O‘zbekiston hududiga kirib kelgan yo‘lovchilar majburiy karantinga olinadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Sog‘liqni saqlash vazirligining maʼlum qilishicha, endilikda xorijiy davlatlardan O‘zbekiston Respublikasiga tashrif buyuruvchilar:
-mamlakatimizga tashrif buyurishidan kamida 72 soat oldin topshirilgan koronavirus infeksiyasiga PZR test natijasi bo‘yicha manfiy ko‘rsatkichga ega maʼlumotnomaga ega bo‘lishi lozimligi;
-koronavirus infeksiyasiga PZR test natijasi bo‘yicha manfiy ko‘rsatkichga ega maʼlumotnomasi mavjud bo‘lmaganda, aeroport, temir yo‘l vokzallari va chegara o‘tkazish punktlarida tashkil etilgan koronavirus infeksiyasiga ekspress test topshirishlari shartligi belgilandi.
Shuningdek, Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan, Avstraliya, Avstriya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Daniya, Isroil, Italiya, Niderlandiya, Chexiya va Misr hududidan O‘zbekiston hududiga kirib keluvchi yo‘lovchilar yuqoridagi talablar bajarilgandan so‘ng mamlakatimiz hududiga kirib kelgan kundan eʼtiboran o‘n kun davomida majburiy uy karantini yoki o‘z hisobidan mehmonxonaga karantinga joylashtiriladi.