«InnoWeek.Uz-2021»: Beshinchi Turkiy dunyo bolalar festivali ko‘rgazmasi ochildi
Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan «InnoWeek.Uz-2021» Xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligi doirasida kecha «Yuksak texnologiyalar va innovatsiyalar sari» shiori ostida 5-Turkiy dunyo bolalar festivali ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri
Innovatsion rivojlanish vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bolalar festivalida 15 ta davlatdan kelgan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘z ixtirolarini namoyish etadi. Ushbu ko‘rgazmada turkiy tilli davlatlar bolalari 40 dan ortiq loyiha bilan, xususan, O‘zbekistondan 15 nafardan ortiq bola o‘z loyihalari bilan qatnashmoqda.
Festivalning ochilish marasimida O‘zbekiston innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov ishtirok etdi va ishtirokchilarga omad tiladi.
Vazir bunday festivallar tajriba almashish va istiqbolli g‘oyalarni birgalikda takomillashtirish uchun katta maydon ekanini ta’kidladi. Ibrohim Abdurahmonovning so‘zlariga ko‘ra, yosh iqtidorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida barpo etilgan INNO texnoparkida turkiy davlatlar bolalari g‘oyalari ko‘rgazmasini o‘tkazishdan maqsad kelajagimiz poydevori sanalgan yoshlarning g‘oyalarini amalga oshirish va kelajakda katta muvaffaqiyatlariga yo‘l ochishga xizmat qiladi.
Festivalda turkiy davlatlardan kelgan taniqli olimlar, professor va akademiklar hakamlar hay’ati safida ishtirok etmoqda.
Mazkur ko‘rgazma doirasida Toshkent davlat texnika universiteti talabalari ishtirokida «Yuksak texnologiyalar», «Yangi startaplar», «Robototexnika» bo‘yicha mahorat darslari bo‘lib o‘tmoqda.