O‘zbekiston Prezidenti O‘zbekiston-Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risidagi bitimni tasdiqladi
O‘zbekiston Prezidenti «Xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Qaror bilan 2021 yil 11 mart kuni Toshkent shahrida imzolangan O‘zbekiston va Qirg‘iziston hukumatlari o‘rtasida O‘zbekiston-Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risidagi bitim tasdiqlandi.
Jamg‘arma xo‘jalik yurituvchi subyektlarga qarz berish, kapitalida ishtirok etish va ular bilan munosabatlarda boshqa moliyaviy instrumentlardan foydalanish yo‘li bilan Qirg‘iziston iqtisodiyotining ustuvor sektorlarida o‘z xarajatlarini o‘zi qoplaydigan loyihalarni moliyalashtirishni amalga oshiradi.
O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bitimni amalga oshirish uchun masʼul vakolatli organ etib belgilandi.
Jamg‘armaning ustav kapitalida O‘zbekiston hukumati ulushini shakllantirish, istisno tariqasida, investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga bosqichma-bosqich ajratiladigan Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Jamg‘armaning ustav kapitali 50 million dollarni tashkil etadi.