Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Prezidenti saylovida muddatidan oldin ovoz berish 14-20 oktabr kunlari o‘tkazilishini belgiladi
O‘zbekiston Prezidenti saylovida muddatidan oldin ovoz berish 14-20 oktabr kunlari o‘tkaziladi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Markaziy saylov komissiyasi telegram-kanalidagi ma’lumotga ko‘ra, saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega.
Muddatidan oldin ovoz berish uchun saylovchi sababini ko‘rsatgan holda tegishli saylov uchastkasiga ariza bilan murojaat qiladi.
To‘ldirilgan saylov byulleteni yopiq konvertda, tegishli uchastka saylov komissiyasining seyfida saqlanadi.
Joriy yil 24 oktabr kuni O‘zbekiston Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tadi. Davlat rahbarligi uchun saylovda respublikadagi 5 ta siyosiy partiyadan nomzodlar ishtirok etmoqda.