MDH IJROIYA QO‘MITASI RAISINING BIRINCHI O‘RINBOSARI LEONID ANFIMOVNING O‘ZBEKISTONGA TASHRIFI
Avval xabar berilganidek, joriy yilning 24-oktabrida mamlakatimizda muhim siyosiy tadbir - O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi munosabati bilan Markaziy saylov komissiyasi taklifiga binoan, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi saylovlarni kuzatish missiyasi tashrif buyurdi.
Missiyaning uzoq muddatli kuzatuvchilari delegasiyasiga MDH ijroiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Leonid Anfimov boshchilik qildi.
L.Anfimov tashrif davomida Markaziy saylov komissiyasi, Tashqi ishlar vazirligi, Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi hamda siyosiy partiyalar saylovoldi shtablari rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari F.Arziyev ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda MDH delegasiyasiga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoni, shuningdek, xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarining ovoz berishda ishtirok etish uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida atroflicha ma’lumot berildi. Uchrashuv davomida Missiya o‘ziga yuklangan barcha vazifalarni to‘liq bajarishiga ishonch bildirdi.
Qayd etilganidek, Missiya o‘z faoliyatini ochiq, oshkora va ob’yektiv olib boradi. Siyosiy jarayonning borishi haqidagi xolis monitoring natijalarini keng ommaga e’lon qilib boradi.
Missiya a’zolari shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari R. Mahmudova bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida mehmonlarga mamlakatimiz sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, sudlar faoliyatida shaffoflik va ochiqlikni ta’minlash borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar xususida batafsil ma’lumot berildi.
R. Mahmudova o‘z so‘zida O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksi bilan belgilangan sudlar tomonidan saylov komissiyalarining xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan berilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqish muddati va tartibi, O‘zbekiston qonunchiligida saylov va referendumni tashkil etish hamda o‘tkazish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun tegishli ma’muriy javobgarlik hamda saylov yoki referendum tashkil qilish, ularni o‘tkazish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik, saylov huquqining yoki ishonchli vakil vakolatlarining amalga oshirilishiga to‘sqinlik qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanganligi qayd etib o‘tdi.
Saylov kodeksida belgilangan saylov komissiyalarining qarorlari ustidan tushgan shikoyatlarni ko‘rib chiqish tartibiga oid ma’lumotlar mehmonlarda alohida qiziqish uyg‘otdi.
Missiya a'zolari shuningdek, Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari – Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i, polkovnik B.Abdullayev bilan uchrashdi. Uchrashuvda polkovnik B.Abdullayev bugungi kunda mamlakatimizda o‘tkazilishi belgilangan Prezident saylovi jarayonida jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha Ichki ishlar vazirligi tomonidan barcha zaruriy chora-tadbirlar belgilanganligi, xususan, har bir saylov uchastkasi atrofida jamoat xavfsizligini ta’minlashga ichki ishlar organlari va milliy gvardiya xodimlari hamda jamoatchilik vakillari jalb etilganligi, o‘z navbatida barcha zaruriy kuch va vositalar fuqarolar xavfsizligini ta’minlashga qaratilganligi, shuningdek, saylov tadbirlari jarayonida xorijiy va xalqaro kuzatuvchilar harakati xavfsizligini ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilayotganligi to‘g‘risida ma’lumot berib o‘tdi.
MDH Ijroiya qo‘mitasi Raisining birinchi o‘rinbosari L.Anfimov o‘z so‘zida Prezident saylovi jarayoniga tayyorgarlik ishlari yuqori darajada tashkil etilganligi, ayniqsa, har bir saylov uchastkasida saylovchilar uchun yaratilgan imkoniyatlar tahsinga sazovor ekanligini ta’kidlab o‘tdi. Shu bilan birga L.V. Anfimov xorijiy va xalqaro kuzatuvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda ular xavfsizligini ta’minlash yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar uchun Ichki ishlar vazirligi rahbariyati nomiga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
L.Anfimov tashrif davomida siyosiy partiyalar rahbariyati bilan ham uchrashdi. Muloqot davomida delegasiya vakillari xar bir siyosiy partiya tarixi va g‘oyalari, partiya nomzodining Saylovoldi dasturi hamda targ‘ibot va tashviqot ishlari bilan tanishdilar.
Uchrashuvlar davomida saylov jarayoni O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi va Saylov kodeksiga muvofiq ochiq va shaffof o‘tayotgani hamda saylovoldi targ‘ibot ishlari jarayonida ommaviy axborot vositalarida barcha partiyalar va ularning Prezidentlikka nomzodlari uchun teng imkoniyatlar yaratilgani qayd etildi.
Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati