Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi
Bugun Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Markaziy saylov komissiyasi Matbuot xizmatining maʼlumotiga tayangan holda.
Majlisni Komissiya raisi Z.Nizamxodjayev boshqardi.
Tadbirda Siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalarining to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshiruvchi Ekspert guruhlarini tuzish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari ro‘yxatidan chiqarish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi.
Markaziy saylov komissiyasi aʼzolari majlis kun tartibidagi birinchi masala – Siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalarining to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshiruvchi Ekspert guruhlarini tuzish masalasini ko‘rib chiqdi.
Taʼkidlash joizki, Saylov kodeksining 39-moddasiga binoan, siyosiy partiyalar taqdim etgan imzo varaqalarining to‘g‘ri to‘ldirilganligi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan besh kunlik muddatda tekshiriladi. Saylovchilar imzolari zarur sonining kamida o‘n besh foizi va imzo varaqalariga imzolarini qo‘ygan saylovchilar to‘g‘risidagi tegishli maʼlumotlar tekshirilishi lozim.
Markaziy saylov komissiyasi imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshiruvchi Ekspert guruhini tuzishi mumkin. Ekspert guruhi tarkibiga ichki ishlar va adliya organlarining mutaxassislari, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari jalb etiladi. Imzo varaqalarini tekshirishda siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari ishtirok etadi.
Shuningdek, majlisda Prezidenti saylovida xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditatsiyadan o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, Saylov kodeksining 33-moddasiga muvofiq, siyosiy partiyalardan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan, shuningdek, boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar o‘z faoliyatini tegishli komissiyalar tomonidan berilgan mandatlar asosida amalga oshiradi. Manfaatdor tashkilotlar o‘z kuzatuvchilari to‘g‘risida saylov komissiyalariga saylovdan kamida o‘n kun oldin ariza bilan maʼlum qiladi.
Manfaatdor tashkilotdan ariza olinganidan keyin besh kun ichida saylov komissiyasi kuzatuvchi uchun mandat beradi. Boshqa davlatlardan, xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilarga mandatlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan beriladi. Majlisda O‘zbekiston Prezidenti saylovida xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditatsiya qilish to‘g‘risidagi MSK qaroriga muvofiq, YEXHT DIIHBdan 3 nafar xalqaro kuzatuvchi ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Shuningdek, majlisda ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risidagi MSK qaroriga muvofiq, 36 nafar mahalliy OAV vakili ro‘yxatdan o‘tkazildi. Qayd etish joiz, shu kunga qadar akkreditatsiyadan o‘tkazilgan mahalliy OAV vakillari soni 766 nafar, xorijiy OAV vakillari soni 48 nafarni tashkil etmoqda.
Majlis davomida T.Xoldarovni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari ro‘yxatidan chiqarish to‘g‘risidagi qaror loyihasi ko‘rib chiqildi. MSK qaroriga binoan, Topiboldi Xoldarov vafoti sababli Oliy Majlis Senati aʼzolari ro‘yxatidan chiqarildi.
Majlis so‘nggida kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan Markaziy saylov komissiyasining tegishli qarorlari qabul qilindi.