O‘zbekiston Prezidentining «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» xalqaro anjumanidagi nutqining matni qirg‘iz tilida chop etildi
O‘zbekistonning Qirg‘izistondagi elchixonasi ko‘magida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Toshkentda 15-16 iyul kunlari o‘tkazilgan «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» xalqaro konferensiyasidagi nutqining matni qirg‘iz tilida nashr etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Elchixona maʼlumotiga ko‘ra, Toshkent yuqori darajadagi xalqaro konferensiyasi yakunlari va O‘zbekiston Prezidentining nutqi Qirg‘iziston ijtimoiy-siyosiy, diplomatik, moliyaviy, iqtisodiy, jamoat doiralari va ommaviy axborot vositalari tomonidan chuqur tahlil etilmoqda.
O‘zbekiston elchisi Xurshid Mirzohidov tomonidan 19 avgust kuni Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirligi Diplomatik akademiyasida o‘tkazilgan brifingda tadbir ishtirokchilari mamlakatimiz Markaziy Osiyoda eng sertarmoq iqtisodiyotga, yirik intellektual va mehnat resurslariga ega davlat sifatida alohida o‘ringa ega ekanini taʼkidladi.
O‘zbekistonning xalqaro tashabbuslari butun mintaqa uchun muhim ekani, ular Qirg‘izistonning nafaqat ekspert va tahlilchilar doiralari, biznes va ommaviy axborot vositalari vakillari, balki keng jamoatchilik orasida ham qiziqish uyg‘otayotgani alohida qayd etildi.